O‘zbekiston prezidenti 2022-yil 28 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘RQ-798 sonli qonunni imzoladi. 1995 yilda qabul qilingan mehnat kodeksidan farqi  , unda majburiy mehnatni taqiqlash, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmaslik  prinsip etib belgilangan.

Yangi tahrirdagi Kodeks mart oyida senatorlar tomonidan ma’qullangan .

 Unda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:

  • mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
  • mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
  • mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
  • mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;
  • xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Shuningdek,yangi tahrirda davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlashi belgilab qo`yilgan.

Mazkur toifaga quyidagilar kiradi:

  • 14 yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota-ona, shuningdek ko‘p bolali oilalardagi ota-onalar;
  • umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar;
  • «Mehribonlik» uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy ta’lim tashkilotlarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari;
  • Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar;
  • odam savdosidan jabrlanganlar.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi. Qonun kuchga kirishi bilan uning avvalgi talqini o‘z kuchini yo‘qotadi.

Uychi tuman Adliya bo`limi yuridik

xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti:                          Z.Sultonova