Uychi tumanimizdagi 15-maktabda "Kitobim - oftobim" mavzusida kitobxonlar uchrashuvi bo'lib o'tdi. Ushbu uchrashuvda poytaxtdan kelgan Milliy universitet o'qituvchilari, kitobxonlar, oliygoh talabalari, shu maktab o'qituvchi va o'quvchilari ishtirok etishdi. Boshlang'ich sinf o'quvchilari tomonidan turli qiziqarli ko'rinishlar namoyish etildi.Oxirgi 3 oy davomida maktabning sobiq o'quvchisi, hozirda O'zbekiston Milliy universitetining tayanch doktoranti va "Qorako'l ziyo" NTMning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi Sadoqat Xolmonova tomonidan maktab o'quvchilarining savodini oshirish va kitobxonlikni targ'ib qilish maqsadida uch bosqichli olimpiada o'tkazilgan edi. Ushbu tadbir doirasida olimpiadaning so'nggi bosqichi ham o'tkazilib, g'oliblar aniqlandi va ularga esdalik sovg'alari topshirildi. Shuningdek, yurtimizdagi turli nashriyotlar: "Akademnashr", "Yangi asr avlodi", "Azbobooks", "Kitobdornashr" nashriyotlari vakillari ham ishtirok etib, maktab kutubxonasi va o'quvchilarga kitoblar sovg'a qilishdi. Facebook ijtimoiy tarmog'idagi "Kitobxonlar davrasi" guruhining a'zolari o'quvchilar o'rtasida qiziqarli tanlovlar o'tkazishdi. "Bizning maqsadimiz har bir o'quvchida kitobga muhabbat uyg'otish. Shu maqsadda yurtimizning turli hududlarida kitobxonlar uchrashuvini o'tkazib kelmoqdamiz, - deydi guruh boshqaruvchisi Sadoqat Xolmonova. - Bugungi uchrashuvdagi his-hayajon, o'quvchilar ko'zidagi ishtiyoq, bilimga, kitob o'qishga bo'lgan qiziqish mehmonlarni befarq qoldirmadi. Olimpiada g'oliblarining ko'zidagi quvonch yoshlari barchamizni yig'latdi. Ushbu olimpiada sinov tariqasida boshlangan edi, keyingi yillarda uni tumandagi boshqa maktablarda ham o'tkazishni niyat qildik". Mehmonlar tomonidan 200 dan ortiq kitob maktab kutubxonasiga topshirildi, o'quvchilarga sovg'a sifatida tarqatildi. Ularga maktabimiz nomidan o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.Mavjuda Mahmudova,15-maktabning boshlang'ich sinf o'qituvchisi.