Kecha, 25-iyun kuni "Namangan International School" xususiy maktabining “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri o'zgacha shukuh bilan nishonlandi. Sababi Uychi tumani Madaniyat markazida Namangan shahri, Chortoq, Uychi, Chust va Kosonsoy tumanlaridagi "Namangan International School" xususiy maktabi o'quvchilari 11-sinfni tamomlab, qo'llariga Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestatni oldilar.

Bitiruv kunida xorijlik mehmonlar va viloyat ta'limi fahriylari ishtirok etishdi va mustaqil hayot ostonasiga qadam qo'yayotgan bitiruvchilarni samimiy tabriklashdi. Tadbir doirasida 2022-2023 o‘quv yilida fan olimpiadalari, ko‘rik tanlov va sport musobaqalarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan hamda namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan iqtidorli, faol bo'lgan bitiruvchilar va o'quvchilar tantanali ravishda taqdirlandilar. Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilari, ularning ota-onalari va pedagoglar o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.

Tadbirda o'quvchilar ishtirokidagi o'zbek, ingliz, rus, yapon, arab va turk tilida qo'shiqlar ijro etildi va raqslar namoyish etildi. Yosh xonandalar Behruz Narzullayev va Hayitoy Qayumovalar bitiruchilarni tabriklab, o'z qo'shiqlari bilan barchani mamnun etishdi.

P/S: Joriy yil "Namangan International School" xususiy maktabida 53 ta bitiruvchi tamomlayapti. Ulardan 36 tasi ingliz tili bo'yicha IELTS, 8 nafari Yapon tili bo'yicha JLPT, 2 nafari Koreys tili bo'yicha TOPIC II darajasiga ega bo'lishdi. 12 nafar talaba AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Qatar va Malayziya davlatlariga grant yutishdi.

"Namangan International School" xususiy maktabi media markazi