O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida 2022-yil 21-iyundagi 341-son qarori qabul qilingan. Ushbu qaror bo‘yicha 2 ta ma’muriy reglament tasdiqlangan bo‘lib, nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishning ma’muriy reglamenti, nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratishning ma’muriy reglamenti. Har bir talabgorga ushbu qarorda nazarda tutilgan (o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun yoki asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun) subsidiyaning faqat bir turi bir marta ajratiladi. Subsidiya olish uchun arizalar har yili 10-yanvardan boshlab qabul qilinadi. Reglamentga muvofiq subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan nogironligi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs nomidan murojaat qilgan uning qonuniy vakili) ariza berishi mumkin. Subsidiyalar bir yilda faqat 500 nafar talabgorga ajratiladi. Joriy yilda 500 nafar talabgorga subsidiya ajratilgandan so‘ng subsidiya berish uchun ariza qabul qilish to‘xtatiladi. Subsidiya ajratilgunga qadar, biroq ketma-ketligi bo‘yicha subsidiya ajratilgan talabgorlardan keyin ariza topshirgan shaxslar keyingi yil uchun ro‘yxatga qo‘yilmaydi hamda subsidiya olish uchun kelgusi yilda yangidan murojaat qiladi. Yuqoridagi davlat xizmatlarida foydalanish uchun talabgorlar o‘zlariga qulay Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali murojaat qilishlari mumkin.
M.Siddiqov,Uychi tuman Davlat xizmatlari markazi mutaxassisi.






